Olim va adib siymosi yod etildi

    Bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Begali Qosimov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi hamda uch jildli “Tanlangan asarlar” toʻplamining taqdimoti oʻtkazildi.

    Unda uyushma raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, professorlar Nurboy Jabborov, Bahodir Karimov, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev va boshqalar soʻzga chiqdi.

    Tadbirda olimning ilmiy va adabiy merosi, uning insoniy fazilatlari, ustozlik jihatlari hamda yangi nashrdan chiqqan uch jild kitobining mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi. Adib xotirasi yod etildi.

    – Begali Qosimovning ilmiy faoliyatida jadidchilik va jadid adabiyoti yetakchi oʻrinni egallaydi, – deydi adabiyotshunos Shuhrat Rizayev. – Munavvar qori Abdurashidxonov, Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi maʼrifatparvar shoirlar asarlarida jadidchilik gʻoyalarini ilmiy-nazariy asosda tahlil etgan maqolalari bugungi yoshlar uchun katta qoʻllanmadir.

    Mazkur toʻplamda oʻzbek adabiyotining qadimgi davridan XIX asr oxirlarigacha boʻlgan adabiy hodisalar, ijodkorlar, ularning asarlari haqidagi tadqiqotlar, zamonaviy adabiy-tarixiy jarayon bilan bogʻliq maqolalar, adabiy suhbat hamda safar xotiralari jamlangan. Bunda olimning mustaqillik davri adabiy-ilmiy hayotiga doir jiddiy kuzatishlari, zamondoshlari bilan boʻlgan suhbatlari oʻz ifodasini topgan.

    Tadbirda ijodkorlar, olimning kasbdoshlari, shogirdlari Begali Qosimov bilan bogʻliq xotiralarini boʻlishdi. Yigʻilganlarga uch jildi “Tanlangan asarlari”dan ulashildi.