Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ushbu yangi muolaja usuli bemorlarning insulin qabul qilishdan butunlay voz kechib, salomatligini tiklashiga yordam berdi. Buning uchun qayta dasturlashtirilgan hujayralardan foydalanildi.
Klinik sinovlar chogʻida qandli diabetning 1-turidan aziyat chekayotgan 25 yoshli ayolda ildiz hujayralari transplantatsiyasi amalga oshirildi.
Operatsiyadan bir necha oy oʻtib, bemor organizmi insulin gormonini ishlab chiqarish qobiliyatini bosqichma-bosqich tikladi. Natijada ayol yana sogʻlom hayotga qaytdi.
Maʼlumki, ildiz hujayralari oʻz-oʻzidan koʻpayish, mitoz yordamida boʻlinish va maxsus hujayralar hosil qilish, yaʼni turli aʼzo va toʻqimalarga aylana olish xususiyatiga ega.
Zamonaviy tibbiy amaliyotda ulardan onkologik, xususan, leykoz kabi qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Endi bunday xastaliklar roʻyxatiga qandli diabet ham qoʻshildi.
Klinik sinovlarning navbatdagi bosqichida kasallikning 2-turiga chalingan 59 yoshli erkak shu usulda davolandi. Ildiz hujayralari koʻchirib oʻtkazilgan ushbu bemor insulin qabul qilishdan toʻliq voz kechishga erishdi.
Tyanszin shahar markaziy shifoxonasi qoshidagi Transplantatsiya markazi bosh shifokori Van Shusenning qayd etishicha, ushbu yangilik dunyoda qandli diabetga chalingan millionlab odamlarni davolashda olamshumul yutuq boʻlishi mumkin.