O'tgan haftaning oxirgi kunlari ilmiy baxs-munozaralarga sermahsulligi bilan Islom tsivilizatsiyasi xodimlarining ish kunini ham ma'naviy ham ma'rifiy boyitdi desak mubolag'a bo'lmaydi.

O'zbekiston ilm-fanining zabardast ustunlari bo'lmish olim va professorlar boshchiligida “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo” bo'limining tarkibiy qismlari atroflicha ko'rib chiqildi. Bo'limda o'rin olishi kutilayotgan nodir eksponatlar namunalari o'rganildi, mazmunan mos kelmaydigan artefaktlar o'rniga muqobil variantlar taklif qilindi.

Shuningdek, stendlarga yoziladigan 50 ga yaqin turli xil mavzuni qamrab olgan matnlarning mazmuni ko'rib chiqildi. Bo'limning tarkibiy qismi va kontentlari taqdimoti Markazning ilmiy xodimi, san'atshunos Alisher egamov tomonidan namoyish etildi va ko'plab savollarga oydinlik kiritildi.

Ibtidoiy va Antik davr bo'yicha etkachi olimlar Rustam Sulaymonov va Shokirjon Pidaev tomonidan bo'limni boyitish yuzasidan qimmatli ko'rsatmalar berildi. Qadimgi davr yozuv madaniyati bo'yicha respublikamizning sanoqli olimlaridan biri Mirsodiq Ishoqov O'zbekiston hududidan topilgan “Sug'd hujjatlari”ning noyob namunalarini ekspozitsiyadan o'rin olishiga yaqindan yordam ko'rsatishini bildirdi. Muzeyshunoslik soxasida ulkan maktabga ega bo'lgan professor Jannat Ismailova bo'limga qo'shimcha noyob artefaktlarni jalb qilish, bo'limning ochiq hududlarini mobillashgan vitrinalar bilan jihozlash va mavzuga doir maketlar orqali boyitish kerakligini  ta'kidlab o'tdi.

Eslatib o'tamiz, “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo bo'limi” ekspozitsiyasida 100 dan ortiq eksponatlar o'rin olishi kutilmoqda. Ulardan “Bodxisatva haykali”, “Kushon tangalari”, “eftaliylar davriga oid idish namunasi”, “Ossuariylar”, “Afrosiyob va “Qo'yqirilgan qal'a” shaharlari maketi va boshqa artefaktlar bo'limning “shoh asarlari” qatoriga kiradi.