Tadqiqot natijalari JCI Insight jurnalida e’lon qilingan.
IL1RAP yallig‘lanish signallarini uzatishda ishtirok etadi. U o‘sma hujayralari, immun hujayralar va fibroblastlarni o‘zaro bog‘lab, o‘smaning rivojlanishi va davolashga chidamli bo‘lishiga yordam beradi.
Klinikagacha bo‘lgan tadqiqotlarda IL1RAPni bloklash o‘smada immun tizimi faolligini susaytiruvchi hujayralar va fibroz miqdorini kamaytirib, T-hujayralar faolligini oshirgan. Natijada o‘smalar kombinatsiyalangan davolashga yaxshiroq javob bergan.
Olimlar ushbu usulni operatsiya qilish mumkin bo‘lgan oshqozon osti bezi saratoni bilan kasallangan bemorlar ishtirokidagi klinik sinovda tekshirishni rejalashtirmoqda. IL1RAPga yo‘naltirilgan davolash usulini operatsiyadan oldin kimyoterapiya va immunoterapiya bilan birga qo‘llash ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi Kazinform.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, davolashni operatsiyadan oldin o‘tkazish o‘sma to‘qimasini terapiyadan oldin va keyin solishtirish, shuningdek, uning mikro muhitidagi o‘zgarishlarni baholash imkonini beradi.