Olimlar qahvaning jigar uchun foydali ekanini aniqladi

    Qahva ichish tanani jiddiy jigar kasalliklaridan himoya qilishi mumkin, deb yozadi The Guardian nashri edinburgdagi Qirollik tibbiyot tadqiqot instituti olimlarining izlanishlariga asoslanib.

    Bir guruh tadqiqotchilar qariyb 11 yil davomida 494 585 bemorning jigar holatini oʻrganishdi. Natijada, ular 3600 dan ortiq jigar surunkali kasalliklarini, shuningdek 301 oʻlim holatini roʻyxatdan oʻtkazdi.

    Tahlillar shuni koʻrsatdiki, tana massasi indeksi, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish va chekishini hisobga olgan holda, muntazam qahva ichganlarda jigarning surunkali kasalliklariga chalinish xavfi 20 foizga kamaygan. Qahva ichuvchilar orasida bunday kasalliklardan oʻlish xavfi 49 foizga kam edi.

    “Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan izlanishlar shuni koʻrsatdiki, qahva ichish ogʻir jigar kasalliklarining oldini oladi”, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri professor Pol Roderik.

    Shu bilan birga, olimlar jigar kasalliklaridan faqat ichimlik yordamida xalos boʻlish mumkin emasligini taʼkidlashdi. Mutaxassislar toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy mashqlar orqali spirtli ichimliklar isteʼmolini kamaytirish va sogʻlom vaznni saqlashni maslahat berishdi.

    Jigarning surunkali kasalligi butun dunyoda sogʻliqni saqlashning asosiy muammosi hisoblanadi. 1990-yildan 2017-yilgacha bu kasallikdan oʻlim 899000 dan (1.9%) 1.32 milliongacha (2.4%) oshgan. Kasallik koʻpincha past va oʻrta daromadli mamlakatlarda uchraydi: Afrikaning Saxarasi, Markaziy va Janubiy Amerika, Sharqiy Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoda.