Olimning ekoanalitik laboratoriyada olib borgan tadqiqoti samarali natija koʻrsatdi

    “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti bilan imzolangan memorandumga muvofiq, Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida tayanch doktorantlarning ilmiy ishlari yuzasidan amaliyot oʻtashlari samarali tashkil etilmoqda.

    Universitetning Kimyo fakulteti “Organik kimyo” kafedrasi tayanch doktoranti (PhD) Sh.B.Toʻrayev tomonidan bajarilgan “Alifatik karbon kislotalarning alkilamid hosilalari sintezi va xossalari” mavzusidagi doktorlik (PhD) dissertatsiyasi doirasida ilk bor yangi organik birikmalar sintez qilindi.

    Triftorsirka kislotasi ftalimid etil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimid etil efiri “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida oqova suvlarni zararsizlantiruvchi sifatida laboratoriya sharoitida tadbiq qilish amaliyotlariga biriktirilgan bir guruh ustozlar koʻmagida sinov oʻtkazildi.

    Tadqiq qilingan yangi preparatlar triftorsirka kislotasi ftalimidoetil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimidoetil efirining atsetondagi eritmalari, laboratoriya sharoitida oqova suvlarni zararsizlantirish uchun tekshirib koʻrildi. Tahlil natijalariga koʻra, 1% li eritma oqova suvlarni zararsizlantirishda samaradorlikni namoyon qildi.

    Olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, ushbu preparatlar oqova suvlarni mikroorganizmlardan zararsizlantirish uchun qoʻllash mumkinligi aniqlandi.

    Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, har bir sohada salohiyati yuqori yoshlarning ishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali majmuamiz va qolaversa mamlakatimizning ertangi kadrlarini shakllantiramiz. Zero bugunning yoshlari ertangi istiqbolimiz nihollaridir!

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati