Sportchimiz yanvar oyida Qurolli Kuchlar safiga qabul qilinib, Vatanga sodiqlik ontini ichdi. Endi u Shimoli-g'arbiy harbiy okrug harbiy sportchilari safida xizmat faoliyatini olib boradi, deb yozmoqda okrug axborot xizmati.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston va xalqaro toifadagi sport ustasi Zaynab Dayibekova qilichbozlik sport turi bo'yicha yuksak natijalar ko'rsatayotgan afsonaviy sportchilar qatoridan o'rin olishga ulgurgan. U “Shuhrat” va “Jasorat” medallari hamda “Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Uning xalqaro sport musobaqalaridagi ishtiroki va ularda ko'rsatgan natijalari ham quvonarli. 2017-yilning 9-10-sentyabr kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o'tkazilgan sportning qilichbozlik turi bo'yicha Osiyo chempionatida faxrli uchinchi o'rinni qo'lga kiritgani O'zbekiston qilichbozlarining xalqaro musobaqadagi dastlabki g'alabasi hisoblanadi.

2021-yil iyul-avgust oylarida Tokio shahrida bo'lib o'tgan XXXII yozgi Olimpiya o'yinlarida munosib ishtirok etib, kuchli sakkizlikdan joy olgan.