Bu insonlar yurtning ohanrabodek oʻziga rom etuvchi tafti, havosi, kishilarining nurli yuzi, toʻy va hashamlari, milliy bayramlarini qoʻmsashini Vatandan olisda yashayotganlar yanada yaxshiroq anglaydi. Shu bois, soʻnggi yillarda xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarni ota yurt atrofida jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish maqsadida tarixiy va xayrli tashabbusga qoʻl urildi.
Oʻzbekiston Prezidenti qarori bilan 2021-yil 11-avgustda “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi. Bu qaror olis manzillardagi vatandoshlar uchun chinakam tarixiy va unutilmas voqea boʻldi.
Fondning asosiy vazifalariga vatandoshlar bilan doimiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ular tashabbuslarini yurtimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish, oʻzbek tili, boy qadriyatlarimiz, anʼanalarimizni saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish kabilar kiradi.
Fond tashkil topgan kunidan vatandoshlar bilan doʻstona muloqot maydonini yarata boshladi. Oʻtgan ikki yil mobaynida vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan minglab muloqotlar oʻtkazildi. 70 dan ortiq jamoat birlashmasi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi, istiqbolli yoʻl xaritalari tuzildi.
Dunyoning turli nuqtalarida milliy bayramlar — Navroʻz, Mustaqillik bayrami tantanalari, Oʻzbekiston madaniyati kunlari, futbol musobaqalari, palov festivallari, adabiyot kechalari oʻtkazildi. Ularda yuz minglab vatandoshlar ishtirok etdi. Bayramlar doirasidagi muloqotlarda yurtdoshlarning hayajonli fikrlari, Vatanga yoʻllayotgan salomiyu minnatdorlik kayfiyatini koʻrish mumkin.
T.Niyozova, Soʻgʻd viloyati Shukur Burhonov nomidagi oʻzbek musiqiy drama teatri aktyori:
— Oldinlari oynai jahon orqali Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan turli bayramlarni havas bilan tomosha qilar edim. Qani endi chegaralar ochilsa-yu, ota yurtga tez-tez borsam, degan orzu meni tinch qoʻymasdi. Bugun xuddi shu bayram shukuhini Xoʻjandga vatandoshlar olib keldi. Oʻzbekistonning xorijdagi vatandoshlarga boʻlgan eʼtibori meni yanada faxrlantirdi. Men xorijda turib ham Oʻzbekistonning ezgu tashabbuslarini hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.
K.Mahmudova (London shahri):
— Tower Bridge xiyobonida oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari tadbirlarida ishtirok etdim. Londonda deyarli 28 yildan buyon yashayman. Bu hayotimdagi vatandoshlar bir joyga toʻplangan eng birinchi va eng katta tadbir boʻldi. Biz juda ham xursandmiz. Ishonasizmi, vatandoshlarimiz tuni bilan uxlamay, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarimizda taassurotlarini yozib chiqdi. Madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, milliy hunarmandlik namunalarimiz dunyo sahnalariga olib chiqilayotgani biz uchun sharaf!
S.Pardayev, Google kompaniyasi dasturchisi (AQSH):
— Mustaqillik kuniga bagʻishlangan shodiyonalarda ishtirok etganimdan baxtiyorman. Bugun men kelajagim uchun aniq maqsadimni belgilab oldim. Yaʼni yurtimga qaytaman, yurtimga kerakman, yoʻnalishim boʻyicha oʻz mamlakatimda yangi gʻoyalarni tatbiq etishim zarur! Mashhur kompaniya xodimi boʻlsam ham bugungi tadbir yurtimga qanchalar intiq ekanimni anglatdi. Xorijlik hamkasblarimni ham bayramga olib keldim. Ular yurtimizga shunchalik qiziqib qolib, Oʻzbekistonga borish istagini bildirdi. Axir bunday oʻziga xos qadriyatlari bor yurtni sevmay boʻladimi?
* * *
Joriy yil sentyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi davomida bir guruh vatandoshlar bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi. Unda AQSHdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar bilan bir qatorda nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar ham qatnashdi. Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida soʻzlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga koʻmaklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga eʼtibor qaratdi. Vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
“Biz taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Bugun shu yerdagi har bir oʻzbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qoʻshish ishtiyoqini koʻrib, juda xursand boʻldim. Sizlarni Oʻzbekistonda kutib qolamiz”, dedi Prezidentimiz.
Uchrashuvda Boston shahridagi “Dana Farber Cancer” instituti loyihalari katta menejeri N.Qahhorova ham qatnashdi.
— Yurtimdan ancha uzoqda yashasam ham vatanparvarman, deya olaman. Tibbiyot sohasida dolzarb muammo va ularning yechimlari boʻyicha jamoam bilan katta loyihalarni amalga oshiramiz, — deydi u. — Shunday manfaatli loyihalarni yurtimda qoʻllash bugunga qadar katta niyatlarimdan biri boʻlgan. Bugun menda mamlakat rahbari bilan suhbatda ishtirok etish, takliflarimni bildira olish imkoni boʻldi. Rosti, bu hayotim zarvaraqlaridagi tarixiy voqea.
* * *
Bugun “Vatandoshlar” jamoat fondi faoliyati davomida xorijdagi vatandoshlar tashabbuslari, takliflarini amaliyotda qoʻllash, faol yurtdoshlarimiz safini yanada kengaytirish, mushkulini oson qilish, istiqbolli rejalar ustida tinimsiz ishlashga eʼtibor qaratgan.
Odiljon SATTOROV,
“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi