Oliy Majlis delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Fevral 2024 1207

    Joriy yil 22-23-fevral kunlari Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Р.Алимов boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Vena shahri (Avstriya)da boʻlib oʻtgan YEXHT Parlament assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi.

    Tadbirda YEXHTning 52 ta ishtirokchi davlatidan 330 dan ortiq parlament aʼzolari va hamkorlik boʻyicha sheriklar ishtirok etdi. Sessiya doirasida assambleyalarning uchta Doimiy qoʻmitasining majlisi hamda “Yevropa xavfsizligi bugun va ertaga: YEXHT kelajagi boʻyicha parlament qarashlari” mavzusida yalpi sessiya boʻlib oʻtdi.

    Qishki sessiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarining maʼruzalari tinglandi, ular xorijiy parlamentariylar va YEXHT tuzilmalari vakillariga YEXHT saylov standartlarini Oʻzbekiston qonunchilik amaliyotiga joriy etish, shuningdek mamlakatimizdagi iqtisodiy oʻsishning yashil omili toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Bundan tashqari, Oliy Majlis vakillari YEXHT PA Terrorizmga qarshi kurash maxsus qoʻmitasining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Unda terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, ushbu chaqiriq va tahdidlardan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish borasida atroflicha fikr va tajriba almashildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi davomida YEXHT PA maxsus vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda mamlakatimizning YEXHT doirasidagi oʻzaro hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Institut vakillari Oʻzbekistondagi islohotlarni yuqori baholab, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.