Oliy Majlis delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining birinchi parlamentlararo forumi ishida ishtirok etyapti

    Xalqaro hamkorlik 12 May 2022 1157

    Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi tashrif bilan Turkmanistonda boʻlib turibdi.

    Bugun Turkmaniston poytaxtida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining birinchi parlamentlararo forumi oʻz ishini boshladi.

    Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov forum ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Turkmaniston rahbari “Markaziy Osiyo – Rossiya Federatsiyasi” formatidagi Parlamentlararo forum ishtirokchi davlatlarning anʼanaviy doʻstona munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Turkmaniston Prezidentining murojaatida taʼkidlanganidek, “turkman xalqi doʻstlik va qardoshlikni, xalqlar tinchligi va birligini yuksak qadrlaydi. Maʼnaviy-madaniy qadriyatlar mushtarakligidan kelib chiqadigan oʻzaro manfaatli hamkorlik Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlarning mustahkam poydevoridir. Xalqlarimizni asrlarga borib taqaladigan tarix, azaliy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi”.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasi parlamentlararo forumi tantanali majlisining ochilishi Turkmaniston Xalq Maslahati Milliy Gengeshi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov hamda MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matviyenkoning kirish soʻzi bilan boshlandi.

    Forum kun tartibi doirasida oʻzgarib borayotgan dunyoning masala va muammolarini hal etishda milliy parlamentlarning oʻrni, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar holati hamda ularni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, yangi normativ-huquqiy mexanizmlar muhokama etilishi nazarda tutilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.