Oliy Majlis delegatsiyasi Turkiy tilli davlatlar parlamentlari xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitalar raislarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi

    Joriy yil 25aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Boku shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar parlamentlari xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitalar raislarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

    Tadbirda Turkiy tilli davlatlardan Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya va Qirgʻiz parlamentlari aʼzolari, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi vakillari qatnashdi.

    Uchrashuvda Turkiy tilli davlatlar munosabatlarining yuqori surʼati, mamlakatlar oʻrtasidagi strategik sheriklik ruhidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi taʼkidlaganidek, Turkiy tilli davlatlar rahbarlari oʻrtasidagi ochiq hamda ishonchli munosabatlar ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishda mustahkam asos hisoblanadi.

    Ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, davlatlar oʻrtasida yuqori darajada erishilgan qoʻshma loyihalar va kelishuvlarning parlament nazorati institutidan foydalangan holda roʻyobini taʼminlashga koʻmaklashishga eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, tadbir ishtirokchilari xalqaro tashkilotlar va parlamentlararo tuzilmalar doirasida aloqalarni yanada mustahkamlash va bir-birini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar parlamentlari xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitalar raislarining navbatdagi uchrashuvini Turkiya Respublikasida oʻtkazishga kelishib olindi.

    Tashrif davomida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova hamda Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Araz Azimov bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon Turkiy tilli davlatlar tashkilotlarida faol ishtirok etayotgani taʼkidlandi. Muloqot davomida oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa masalalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.