Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovini oʻtkazish belgilandi

    Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlislari 2024-yilning 7-12-noyabr kunlari oʻtkaziladi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Joriy yilning 2-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining tegishli qoʻshma majlislarini chaqirish, Oliy Majlis Senati aʼzolari sayloviga doir ayrim hujjatlarni tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.

    Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga binoan Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlislari 2024-yilning 7-12-noyabr kunlari oʻtkazilishi belgilandi.

    Majlis davomida Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq ayrim hujjatlar namunalarini tasdiqlash masalasi ham koʻrib chiqdi. Unga koʻra, Qoʻshma majlis Maslahat Kengashi bayoni, Sanoq komissiyasi bayoni, ovoz berishda ishtirok etuvchi deputatlar roʻyxati, Senati aʼzosi saylovi boʻyicha saylov byulleteni hamda Qoʻshma majlis bayonnomasi namunalari tasdiqlandi.

    Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar tahliliy koʻrib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 76-moddasiga koʻra, Senat aʼzolarining saylovi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Oliy Majlis Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining tegishli qoʻshma majlisida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.