Unda Senat aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Bola huquqlari boʻyicha vakil – Ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz, Maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari masʼul xodimlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Yoshlar ittifoqi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari va bolalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Yangi Oʻzbekistonda bolalar huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan va izchil davom ettirilayotgan islohotlar hamda eʼtibor qaratish zarur boʻlgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishida Harakatlar strategiyasi asosidagi har yilgi Davlat dasturlarida bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, sifatli taʼlim olishlarini taʼminlash va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilanib, qayd etilgan vazifalar bajarilib borilmoqda.

Bundan tashqari, davra suhbatida mamlakatimizda Bolalar Ombudsmani instituti faoliyat boshlagani hamda bolalar mehnatiga mutlaqo chek qoʻyilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida eʼtirof etilgani taʼkidlandi.

Bolalar taʼlimining uzuluksizligini taʼminlash va sifatini yana-da yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi va Oliy taʼlimni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyalari tasdiqlandi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yana-da kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Unda voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi davlat maʼlumotlar bazasini shakllantirish va undan foydalanish tizimini takomillashtirish, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishda qonunchilik talablari, qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan belgilangan javobgarlikni kuchaytirish, 2021-2026-yillarda BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi va bola huquqlari toʻgʻrisidagi boshqa hujjatlarni bajarish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish singari dolzarb vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Tadbirda taʼkidlanganidek, joriy “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida 6 – 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni “A” vitamini bilan va 2 – 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash belgilangan.

Respublika boʻyicha 3-4 yoshdagi barcha bolalarni poliomiyelit kasalligiga va 12-13 yoshdagi barcha oʻsmir qizlarni saratonga qarshi emlash ishlari uchun 1 mln AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Qolaversa, joriy yilda mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj 900 nafar chin yetim bitiruvchilari uy-joy bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olishi va kasb egallashiga koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilib, uning maqsadlari amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Farzandlikka olish amaliyoti oʻrganilib, soha boʻyicha huquqiy asoslar qayta koʻrib chiqiladi.

Jahon banki, YUNISEF koʻmagida bolaning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini yana-da kengaytirish hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modeli joriy qilinadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Davra suhbati davomi bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar tayyorlandi.