Oliy Majlis Senati Raisi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 16 May 2023 1275

    Shu kunlarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi.

    15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.

    Prezident Ilhom Aliyev Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyaning Ozarbayjonning buyuk farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etayotgani, ushbu mamlakatning umummilliy lideri xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.

    O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holatiga to‘xtalar ekan, Ilhom Aliyev ular izchil ravishda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va qardoshlik munosabatlari o‘rnatilib, oliy darajadagi tashriflar almashinuvining samarali mexanizmi yaratilganini taʼkidladi. “O‘tgan yilning o‘zida men O‘zbekistonga 3 marta tashrif buyurdim. Bu biz uchun mamlakatingizdan yaqinroq do‘st yo‘qligini yana bir bor tasdiqlaydi”– dedi, Ilhom Aliyev.

    O‘z navbatida Oliy Majlis Senati Raisi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan keyingi yillarda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasi deyarli barcha yo‘nalish va darajalarda kuzatilayotgani, muhimi, ikki qardosh mamlakat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar maydonlarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganligiga alohida to‘xtaldi.

    Shuningdek, Tanzila Narbayeva parlamentlararo muloqot ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangani, O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlash, bundan buyon ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish uchun parlamentlararo aloqalarning barcha imkoniyat va saʼy-harakatlarini ishga solinishini taʼkidlab o‘tdi.

    Shuningdek, suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini ikki mamlakat parlamentlararo muloqoti orqali rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, hamkorlikning turli yo‘nalishlari jumladan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, energetika, sarmoyaviy va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    Xususan, bugungi kunda Ozarbayjonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari masalan, to‘qimachilik va ipakchilikda IT-parklar va klaster tizimini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish va uni joriy etish masalasiga eʼtibor qaratilayotganligi taʼkidlandi.

    Tarix, til, madaniyatning mushtarakligi o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi maʼnaviy yaqinlikni tasdiqlaydi. Shu maʼnoda uchrashuvda ikki xalq bir-birini tarjimasiz tushunishi, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashning muhim sharti ham madaniy-maʼrifiy muloqot ekanligi aytib o‘tildi.

    Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari istiqbolli davom etishi muhimligi qayd etilib, ikki davlat yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan maxsus forum tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.