Yigʻilishda MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Sohiba Ali qizi Gafarova, Armaniston Milliy Assambleyasi raisi Alen Simonyan, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova, Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi raisi Talant Mamitov, Tojikiston Respublikasi Majlisi milliy Majlisi Oli raisi Rustam Emomali, shuningdek, MDH PAga aʼzo davlatlar parlament delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etyapti.

Tadbir avvalida delegatsiyalar rahbarlari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari rahbarlarining tabriklarini oʻqib eshittirdi. Xususan, Senat Raisi majlis ishtirokchilarining eʼtiborini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning tabrigiga qaratdi.

Unda oʻtgan davr mobaynida Parlamentlararo Assambleya Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning eng dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangani alohida qayd etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Assambleya faoliyatida, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashda faol ishtirok etayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasida Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasida tinchlik, barqarorlik, doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi faol ishlarini davom ettirish niyatida ekanligi qayd etildi.

Parlamentlararo Assambleya Kengashining yubiley majlisi davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.