Uchrashuvda davlatimiz tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda va inson huquqlarini, gender tenglikni taʼminlashda olib borilayotgan ishlar yuzasidan toʻliq maʼlumot berildi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT BAning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish boʻyicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini alohida qayd etdi.
Shuningdek davlatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlari, parlamentning davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuqori natijalar berayotganini, Parlamentlararo Ittifoq faoliyatida ham Oʻzbekiston oʻz faolligini namoyon etayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
M. Chungong Buxoroda boʻlib oʻtadigan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro forumning dolzarbligini qayd etdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz BMT rezolyutsiyalari va qarorlarining amaliy ijrosi, ularni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinayotgani, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos kelishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Parlamentlararo Ittifoq oʻrtasidagi hamkorlik bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.