Oliy Majlis Senati Raisi “BMT-Ayollar” tuzilmasi direktori bilan muzokara oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2024 594

    Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida “BMT-Ayollar” tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston va “BMT-Ayollar” tuzilmasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada faollashtirish, gender tenglikni taʼminlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi.

    Sima Sami Baxus BMT-Ayollar tashkiloti Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor deb bilishi, mamlakatdagi keng koʻlamli oʻzgarishlar hamda BRMni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini qayd etdi. Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning ishtiroki masalalarida Toshkentning muhim roli eʼtiborga olinib, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

    – Oʻzbekiston gender tenglikni taʼminlashda erishgan sezilarli yutuqlarni hisobga olib, mamlakatingizni mintaqa davlatlari orasida gender masalalarini ishlab chiqishda bogʻlovchi rol oʻynashi mumkin boʻlgan koʻprik sifatida koʻramiz – deya taʼkidladi Sima Sami Baxus.

    Suhbat yakunida Oʻzbekiston va “BMT-Ayollar” tuzilmasi bilan amaliy loyihalarni tatbiq etgan holda hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.