BMT Bosh kotibi Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash kabi koʻplab yoʻnalishlarda yoʻlboshchi ekanini, nafaqat mintaqa, balki dunyo mamlakatlari uchun namuna boʻla olishini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, ayni paytda kun tartibidagi muhim masalalardan biri hisoblangan ekologiya va atrof muhit muhofazasi, shu jumladan, Orol inqirozi oqibatlari bilan bogʻliq muammolarni hal qilishdagi kompleks yondashuv yuksak baholandi.
Uchrashuvda joriy yil sentyabr oyida davlat rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtadigan “Kelajak sammiti”da koʻrib chiqiladigan masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi va ushbu tadbirda Oʻzbekiston oʻz tashabbuslari bilan faol ishtirok etishiga umid bildirildi.
Antonio Guterrish Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida olib borayotgan tizimli ishlar natijalariga alohida toʻxtaldi va bu yoʻnalishda BMTning barcha tavsiyalari toʻliq hisobga olinayotganidan mamnunligini bildirdi.
Shu bilan birga, BMT tomonidan ilgari surilayotgan taraqqiyot dasturlarini joriy etishda parlamentlarning roli muhimligi alohida eʼtirof etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.