Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinadi. Jumladan, senatorlar “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qoʻrib chiqadi.

Shuningdek, “Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar ham kun tartibi doirasida muhokama etiladi.

Bundan tashqari, “Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar senatorlar eʼtibor markazida boʻladi.

Shuningdek, “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilinadi.

Yalpi majlisda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.

Senatorlar aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqadi.

Shu bilan birga homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati hamda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat munosabatlari bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish masalalari muhokama etiladi.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati yuzasidan hisobotini ham eshitish rejalashtirilgan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.