Oliy Majlis va BAA Federal milliy kengashi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 3 Fevral 2023 942

    Ayni paytda BAA bilan parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanyapti. Senat Raisi boshchiligidagi delegatsiyaning BAA Federal milliy kengashi Raisi Saqr Gʻobash bilan uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va BAA parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlar izchilligini taʼminlash, xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

    Senat Raisi T.Narbayeva parlamentlararo hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlaridan biri hisoblanishi, oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish hamda bu sohada Amirliklar parlamenti bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va “xalq diplomatiyasi”ning muhim jihati hisoblangan “doʻstlik guruhlari” faoliyatini jonlantirish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

    Ikki davlat parlamentlari aʼzolari hamkorlikning turli yoʻnalishlarida hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligini, iqtisodiyotning turli sohalaridagi tajribadan keng foydalanish zarurligini taʼkidladi. Bunda parlamentlarning birgalikda savdo-iqtisodiy, investitsiya, xizmatlar sohasidagi erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladigan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

    Oʻz navbatida, BAA Federal milliy kengashi Raisi Saqr Gʻobash Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli, avvalambor, aholini ijtimoiy himoyalash, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yoʻnalishidagi islohotlarni yuqori baholadi. BAA Federal milliy kengashi Oʻzbekistonda investitsiya qonunchiligini takomillashtirish sohasida Oliy Majlis vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Suhbat davomida keng qamrovli hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi. Xususan, Oliy Majlis Senati Federal milliy kengashi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, tegishli qoʻmitalar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, elektron parlament joriy etishda tajriba almashish kabi masalalar boʻyicha kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar, turistik va boshqa aloqalarni rivojlantirishga hamda mustahkamlashga qaratilgan parlament faoliyatini, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat funksiyalarini samarali amalga oshirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy, turistik va boshqa sohalarda qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini rivojlantirish borasida axborot va tajriba almashishni kengaytirish kabi masalalarni qamrab olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.