Majlisda Senat aʼzolari, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan ekspertlar Kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash yuzasidan idoralararo Ishchi guruh aʼzolari, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.

Jumladan, “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisidagi 187-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 2006-yil 15-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari qoʻmita yigʻilishida dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Shuningdek, qoʻmita yigʻilishida “Transport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham dastlabki tarzda keng muhokama qilindi. Senatorlar tomonidan ushbu Qonunning asosiy maqsadi xalqaro meʼyorlarni inobatga olgan holda barcha turdagi transport vositalarining optimal va muvozanatlashgan oʻzaro aloqasi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat ekanligi, bu oʻz navbatida soha faoliyatini samarali tashkil etishda yagona transport tarmogʻiga birlashish, samarali transport-logistika tizimidan foydalanish asosida transport turlarini uygʻun rivojlantirish boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Bundan tashqari, senatorlar Davlat byudjetining 2020-yil yakunlari boʻyicha ijrosi ham koʻrib chiqdi.

Davlat byudjetining 2020-yildagi xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 144 trillion 142,7 milliard soʻmni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,8 foizni tashkil etgan.

Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar uchun 44,1 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar sarflangan.

Shuningdek, 2020-yil Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish dasturi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan 149 ta loyihalarga ajratilgan mablagʻlar miqdori 207,1 milliard soʻmni tashkil etganligi qayd etildi.

Shuningdek yigʻilishda “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks rivojlantirish dasturi” ijrosi yuzasidan ham axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, Dasturga muvofiq joriy yil 1-may holatiga 840 ta (62 foiz) loyiha (4 trillion 777,8 milliard soʻmlik) ishga tushirilib, 5 ming 75 ta (29 foiz) yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Hozirda Orolboʻyi hududlarida Xalqaro moliya institutlarining qiymati 1 326,7 million dollarga teng 20 ta loyihalarini amalga oshirish ishlari olib borilayotganligi taʼkidlandi.

Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan joriy yil 3-6-may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi terapiya yoʻnalishidagi bosh mutaxassislaridan iborat guruhning “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan va yotoqda qolgan bemorlarni “xonadonbay” tizim asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga xizmat safari tashkil etildi. Nukus shahri, Qoʻngʻirot, Chimboy va Beruniy tumanlarida istiqomat qiluvchi 226 nafar bemor tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bemorlarning 11 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi qoʻp tarmoqli tibbiyot markazida, 4 nafari Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarda davolanishga, 3 nafari buyrak transplantatsiyasiga hamda bir nafari yurak jarrohlik operatsiyasiga tavsiya qilindi.

Yigʻilish yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.