Oliy sud matbuot xizmati axboroti

    Voqea-hodisalar 30 Oktabr 2020 1552

    Bugun, 30-oktyabr kuni, Toshkent shahar maʼmuriy sudida “UzAutoMotors” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi shikoyat arizasini koʻrib chiqish boʻyicha oʻtkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

    Ushbu maʼmuriy ish sudya Gʻ. Davlatov raisligida koʻrib chiqilmoqda.

    Bugungi jarayon ochiq sud majlisida davom ettirildi va dastlab Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakili S. Atamuratov sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda ishni koʻrishda jamiyat isteʼmolchilarini hamda “Azimavtomotive” MCHJni mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilishni soʻradi.

    Mazkur iltimosnoma taraflar oʻrtasida muhokama qilingach, sudning ajrimiga asosan jamiyat isteʼmolchilari soni va shaxsi aniq emasligi hamda shikoyat talabi ularning huquq va manfaatlariga bevosita taʼsir koʻrsatmasligi sababli iltimosnomani qanoatlantirish rad etildi.

    Shundan soʻng Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakili S. Atamuratov sudga ikkinchi iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda “UzAuto Motors” AJ vakili N. Otaxonovaning tuhmat va haqoratdan iborat boʻlgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berishni soʻradi.

    Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri soʻralgach sudning yakuniy hal qiluv qarori eʼlon qilinganda tushuntirish berilishi maʼlum qilindi.

    Shundan soʻng taraflarning asosiy shikoyat arizasi yuzasidan fikrlari tinglanib, muzokara soʻziga kirishildi.

    Dastlab, muzokara soʻzida arizachi “UzAuto Motors” AJ vakillari L. Erdonayev va R. Shaymardanov oʻz fikrlarini bildirdi.

    Shundan soʻng muzokara soʻzida javobgar MQKQ vakillari B. Ummatov, U. Davletov, Sh. Shadmankulov va S. Atamuratovlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

    Ishda ishtirok etuvchi Toshkent shahar prokurori yordamchisi E. Vohidovning ish yuzasidan shikoyat arizasini qanoatlantirish haqidagi muzokara soʻzi tinglandi.

    Shundan soʻng sud hal qiluv qarori qabul qilish uchun maslahatxonaga kirdi.

    Toshkent shahar maʼmuriy sudining 2020-yil 30-oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi “UzAuto Motors” AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish boʻyicha 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.

    Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishi boʻyicha 2020-yil 19-avgustdagi qarori haqiqiy emas deb topildi.

    Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasidan arizachi “UzAuto Motors” AJ foydasiga shikoyat keltirishda toʻlangan davlat boji 2 230 000 soʻm va 20 000 soʻm pochta xarajatlari undirish belgilandi.

    Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilganligi holati yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirildi.

    Sudda raislik qiluvchi ushbu hal qiluv qarori eʼlon qilinganidan soʻng taraflarga nima sababdan sud ushbu xulosaga kelganligi va sudning hal qiluv qaroriga nisbatan shikoyat keltirish muddati va tartibi toʻgʻrisida tushuntirish berdi.