Ushbu qaror qator ommaviy axborot vositalari va turli ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar, blogerlar, jamoatchilik vakillari hamda fuqarolarning keng bahs-munozaralariga, eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Shu munosabat bilan quyidagilar maʼlum qilinadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi “UzAutoMotors” AJning raqobat va soha qonunchiligi talablariga rioya etilishi, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxining shakllanishini va narx qoʻllanilishi asosligi yuzasidan tekshirish oʻtkazib, tekshirishni natijasini maxsus komissiyada koʻrib chiqilgan.

2020-yil 19-avgustda Maxsus komissiya “UzAutoMotors” AJ tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun va “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) tartibga solinadigan narxlarni shakllantirish, deklaratsiya qilish va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari buzilgan deb topib:

– asossiz kiritilgan xarajatlarni avtomobillar chakana narxidan chegirish, asossiz olingan mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarish yoxud isteʼmolchilarni aniqlash mumkin boʻlmagan taqdirda, Qoʻmita huzuridagi byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasiga oʻtkazish;

– yengil avtomobillarni sotish boʻyicha kelgusida tuziladigan shartnomalarni asossiz xarajatlarni chegirish orqali shakllantirilgan narxlar asosida yoki jamiyatning marketing strategiyasidan kelib chiqib yengil avtomobillarning narxlari oʻrtacha 10,29 foizdan kam boʻlmagan darajada va tannarxdan asossiz xarajatlarni kamaytirishni inobatga olgan holda amalga oshirilishini taʼminlash;

– yengil avtomobillarni isteʼmolchilarga isteʼmolchilar navbatini inobatga olmagan holda realizatsiya qilinishini toʻxtatish va boshqa majburiyatlar yuklatilgan.

2020-yil 17-sentyabr kuni “UzAutoMotors” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Maxsus komissiyasining ushbu qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi shikoyat bilan sudga murojaat qilgan.

“UzAutoMotors” AJ ning shikoyati Toshkent shahar maʼmuriy sudi tomonidan bir necha sud majlislarida taraflar vakillarining barcha koʻrsatmalari va vajlari tinglanib, taqdim etilgan dalillari muhokama qilinib, 2020-yil 30-oktyabr kuni qanoatlantirilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish boʻyicha 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topilgan.

Mazkur hal qiluv qarori qabul qilingandan soʻng taraflarga qarorning mazmun-mohiyati hamda uning ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 200-moddasi (apellyatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi) ning 1-qismiga koʻra, agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida berilishi mumkin.

Hozirgi kunga qadar taraflar va prokuror tomonidan sudning yuqoridagi hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilmagan.

Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilganda shikoyat yuqori instansiyada mazmunan koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot xizmati