“Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlari taʼsis etildi

    Ta'lim 25 Oktabr 2022 2432

    Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur mukofot bilan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, oʻzining yuqori kasb mahorati, yorqin isteʼdodi va ijodi, vatanparvarlik fazilatlari bilan el-yurt oʻrtasida hurmat qozongan, faol va tashabbuskor, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida alohida namuna koʻrsatib, soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan fuqarolar ragʻbatlantiriladi.

    “Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlari mukofotlangan shaxslarga 1-oktyabr - Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida topshiriladi.

    “Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.

    Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mazkur Nizom talablari asosida taqdirlanishi mumkin.

    Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.

    Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.