Tomonlar Qohira Universitetining mass-media fakultetining malakali professorlarini Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida tahsil berishga jalb etish, shuningdek, boʻlajak oʻzbekistonlik jurnalistlarni Misrda tahsil olishlarini tashkil etish masalasini muhokama qildilar.

Madaniyat, kutubxonachilik, diniy bilimlar, turizm, muzeyshunoslik, ekologiya sohalaridagi taʼlim boʻyicha hamkorlikni oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi.

Amira Fahmiy xonim Oʻzbekistondagi arab tili oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha takliflar berdi – bunda pedagoglarni Misrga stajirovkaga joʻnatish yoki misrlik trenerlarni Oʻzbekistonga taklif qilish mumkinligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, tomonlar diniy oliy taʼlim muassasalarida tolerantlikni targʻib qilish, turli ekstremistik oqimlarning taʼsiriga immunitet shakllantirishda ikki davlat oʻrtasida tajriba almashish zarurligi qayd etildi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi kutubxonasida maxsus Misr burchagini tashkil etishga kelishildi. Amira Fahmiy kitoblar fondini toʻldirishda elchixona qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.