Qarorlar mazmuni bilan yaqindan tanishar ekansiz, ularda oliy ta'lim muassasalari uchun turli yo'nalishlarda berilayotgan erkinliklar, ularning akademik va tashkiliy-boshqaruv tizimidagi mustaqilligini ta'minlash yo'nalishida qo'yilayotgan vazifalar, mavjud ayrim muammolar echimi bo'yicha aniq chora-tadbirlar mavjudligi oliy ta'lim muassasalari vakolatining kengayishiga, favqulodda qarorlar qabul qilish va pirovardida oliy ta'lim muassasasi faoliyatining rivojlanishiga asos bo'ladi.

Moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv tizimida mustaqillik berilayotgan oliy ta'lim muassasalari uchun nafaqat katta ishonch, balki ulkan mas'uliyat hamdir. Avvalgi tizimdan farqli ravishda, qarorlarda belgilangani kabi, har bir amalga oshirilayotgan islohot zamirida ta'lim sifatining oshishi, iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalasi asosiy ustuvor vazifa bo'lmog'i lozim.

Oliy ta'lim muassasasi xususiyatidan kelib chiqib, bozor talablari asosida kadrlar tayyorlashda o'quv jarayoni uchun me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, ta'lim olish shaklini belgilash, bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun ta'lim davomiyligi muddatlarini belgilash, magistratura bosqichida ta'limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklar bo'yicha qo'shmalaka, shu jumladan, amaliy malaka berish tizimini joriy qilish, o'zaro kelishuvlar asosida oliy ta'lim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirish, oliy ta'lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta'lim muassasalari uchun o'z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o'quv va ilmiy adabiyotlarni nashr etishi bo'yicha berilayotgan akademik mustaqillik shu yo'nalishdagi ishlarning rivojiga to'siq bo'layotgan byurokratik amaliyotdan voz kechishga va jarayonning muvofiqlashtirilishiga olib keladi.   

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, O'zbekistonda yangi Uyg'onish davri, ya'ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ta'lim islohotlari orqali amalga oshiriladi. Bu esa, o'z navbatida, yaratilayotgan sharoitdan ruhlanish bilan birga, katta mas'uliyat ekani va unga munosib bo'lish lozimligini unutmasligimiz kerak. Olib borayotgan faoliyatimiz natijadorligi va samaradorligini oshirishda, o'z sohasining etuk mutaxassislarini tayyorlashda sobitqadamlik bilan harakat qilishimiz shart. Zero, kuni kecha qabul qilingan qarorlar va unda belgilangan vazifalar faoliyatimizda dasturulamal bo'lib xizmat qiladi.

Ikromjon RAHMONOV,

Toshkent dalat texnika universiteti

elektr ta'minoti kafedrasi mudiri