Achchiq boʻlsa ham tan olish kerak, mamlakatimizda jamiyatning rivojlanish tendensiyalari, aholining demografik oʻsishi, salmoqli qatlam boʻlgan yoshlarning intilishi, global texnologik jarayonlarni hisobga olmagan holda taʼlim tizimida oʻtkazilgan islohotlar kutilgan samarani bermadi. Uning asnosida muammolar koʻpaysa koʻpaydiki, kamaymadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar, birinchi navbatda, demografik jarayonlar va urbanizatsiyani, bashariyat tafakkuri hamda xalqimizning oʻsayotgan siyosiy dunyoqarashi, ongi va madaniyati, umumxalq manfaati chuqur oʻylangan holda amalga oshirilmoqda. Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik sanasini nishonlaymiz. Tarix uchun oʻttiz yil arzimas, albatta, lekin bu jamiyat taraqqiyoti uchun ancha salmoqli muddat hisoblanadi. Shu yillar davomida nimalarga erishdik, qanday yutuqlarni qoʻlga kiritdik, degan savollar hammani qiziqtiradi.
Jamiyat taraqqiyoti hamma vaqt ham bir tekisda rivojlanmaydi, chunki u oʻz yoʻlida qarama-qarshiliklarga, ziddiyatlarga boy boʻladi, lekin ana shu ziddiyatlar va qarama-qarshiliklarni mustahkam iroda va matonat bilan yengib, oʻzining taraqqiyot yoʻlini toʻgʻri tanlab olishda mamlakat yetakchilarining roli va oʻrni katta boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javobida taʼkidlaganidek, “Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yoʻlimiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli boʻlmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning oʻzi turli muammo va vazifalarni oldimizga koʻndalang qoʻydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qatʼiyatimiz baʼzan yetsa, baʼzida yetmagan holatlar ham boʻldi”.
Agar yetakchi burilish pallasini his qila olmasa, jamiyat turgʻunlikda qolib ketadi. Shuning uchun ham tarixchilar shaxsning tarixdagi rolini alohida eʼtirof etib, uni alohida ilmiy mavzu sifatida oʻrganadi. Shu maʼnoda xalqimiz yetakchi masalasida shukrona aytib kelmoqda. Har qanday yutuqning garovi — bu tinchlikdir. Shunday ekan, jamiyatimizning barqaror rivojlanishida millat yetakchisining xizmatlari katta, buni xalqimiz qadrlaydi.
Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik lavozimiga kelishi bilan mamlakatda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishning natijalarini tahlil etar ekanmiz, Oʻzbekiston muhim tarixiy burilish pallasida turganini aniq koʻramiz.
Mamlakatimiz va xalqimiz hayotida keyingi besh yil hech oʻylab koʻrilmagan, xayolga keltirilmagan yangiliklarga boy boʻldi. Aynan shu davrda mamlakatimiz iqtisodiyotida, madaniyati va maʼnaviyatida, ijtimoiy-siyosiy hayotida, turmush tarzida, dunyoqarashiyu, tafakkurida demokratik oʻzgarishlar yuz berdi. Umuman hamma sohada katta yuksalish, rivojlanish va ijobiy oʻzgarishlar davri boʻldi. Bu besh yillikda demokratik qadriyatlar, fuqarolarning demokratik-huquqiy erkinliklari qaror topib, matbuot va soʻz erkinligiga yoʻl ochib berildi. Jamiyatga demokratik huquqiy va matbuot erkinligini berish har qanday davlat rahbaridan katta matonat va jasorat talab etadi. Shavkat Mirziyoyev oʻzida ana shu matonat va jasoratni topa oldi. Bu xizmatlari bilan Prezidentimiz xarizmatik shaxs ekanini isbotladi hamda Oʻzbekiston tarixida demokratik prezident sifatida alohida joy oldi. Bular hammasi xalqimiz uchun haqiqiy maʼnodagi tuhfa boʻldi. Buni aytishdan maqsadim — taʼlim erkinlikni sevadi.
Taʼlim tizimida, jumladan, oliy taʼlimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy oʻzgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham mamlakatimiz obʼroʻ-eʼtiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
Prezidentimiz taʼlimdagi kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilib, uni bartaraf etish yoʻllarini koʻrsatib berdi. Taʼlim tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish, maʼnaviy- maʼrifiy muhitni zamon talabiga moslash, oʻqituvchi kasbining, nufuzini oshirish, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlimga joriy etishga katta eʼtibor qaratish masalalariga jiddiy yondashish va shu bilan birga, oʻqituvchilar oyligini oshirish va ragʻbatlantirib borish zarurligini koʻrsatdi, bu masalalarda katta ishlar amalga oshirildi.
Zamonaviy ilm-fan va ishlab chiqarish tomonidan ilgari surilgan barcha masalalarni ishonch bilan hal qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish uchun oliy oʻquv yurtlarida barcha shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratilmoqda.
Har qanday barqaror rivojlanayotgan jamiyat da xato-kamchilik boʻlgani kabi, bizda ham ular mavjud boʻlganini tan olish kerak. Yoshlarning oliy taʼlim olish va konstitutsion huquqlarini ruyobga chiqarish imkoniyati maʼlum darajada cheklangan edi. Keyingi besh yilda oʻtkazilgan Oliy taʼlim islohotlarida bunday holatlarga butunlay chek qoʻyildi va u oʻtmishga aylandi.
Oliy taʼlim islohotlarining mahsuli sifatida mamlakatimizda oliy maʼlumot olmoqchi boʻlgan har qanday fuqaro uchun imkoniyatlar eshigi ochildi. Aniqroq aytganda, yoshidan qatʼi nazar, oliy maʼlumotni kunduzgi, kechki va sitqi taʼlim shaklida olishga sharoit yaratildi. Yaʼni mamlakatimizning har bir fuqarosi yoshi, millati va elatidan qatʼi nazar, oʻzining Konstitutsion huquqlaridan toʻliq foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, mehnat staji, ish tajribasiga ega boʻlgan fuqarolar oʻzlari ishlayotgan korxonaning yuqori tashkilotlari tavsiyasi bilan imtihonsiz, suhbat asosida oliy oʻquv yurtiga kirish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Jumladan, kamida 5 yil ish stajiga ega xodimlarini 2021/2022 oʻquv yilida davlat OTMlarining sirtqi va kechki taʼlim shakliga oʻqishga kirishi uchun Respublikamizdagi 71 ta tashkilotga tavsiya berish huquqi berildi. Ular tomonidan berilgan yoʻllanmaga koʻra, ishlovchi xodimlar imtihonsiz, suhbat natijalariga koʻra, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilish qoidasining kiritilishi xalqimiz uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Har bir tashkilot 100 tagacha xodimiga shunday yoʻllanma berishi mumkinligi ham qayd etildi. Oliy taʼlim islohotining bu qoidasi bozor munosabatlarining mohiyatiga ham moslandi.
Oliy taʼlim islohoti, fuqarolarning oliy taʼlim olish huquqi toʻgʻrisida gap borar ekan, oʻrta maktab va kollejlar bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish masalasi ham yechimini kutayotgan oʻtkir muammolardan edi. Maktab va kollej bituruvchilari bilan oliy oʻquv yurtlarining nisbati keskin farq qilishi bilim olaman, degan ilmga chanqoq yoshlarning ehtiyojini qondira olmasligi oqibatida minglab yoshlarning yaqin va uzoq mamlakatlarga chiqib ketishiga olib keldi. Prezident tashabbusi bilan koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli 2017-2021-yillarda bu raqam oldingi 9 foizdan 28 foizga yetdi.
Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2030-yilda 50 foizga yetkaziladi. Shuni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar koʻpaytiriladi.
Oliy taʼlim muassasalari soni 141 taga yetdi, qabul oʻrinlari 66 mingtadan 182 mingtaga oshdi. Xorijiy mamlakatlar taʼlim muassasalarining 26 ta filialida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlimning qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish, tizimda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oʻquv yuklamalarini maqbullashtirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, professor-oʻqituvchilarning maoshi oʻrtacha 3,5 barobarga oshirilishi — oliy taʼlim islohotlarining dastlabki natijalaridir.
Oliy taʼlim islohotlarining muhim qirralaridan yana biri yoshlarimizning bir vaqtda bir nechta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish masalasi edi. Mamlakatimizda ancha yillardan buyon faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim maskanlarining qabul jarayoniga havas bilan qarab kelar edik. Zero, bir vaqtning oʻzida mamlakatimizdagi hamma xorijiy oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirish mumkin edi. Bu holat bizni ham hayratga solar, ham havasimizni keltirgan. Prezidentimiz aynan ana shu masalada “Yoshlarimizga bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, oʻylaymanki, ularning taʼlim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi”, — deb taʼkidlagan edi. Hech qancha vaqt oʻtmay yoshlarimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.
Keyingi yillarda oliy taʼlim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning, shuningdek, koʻplab xorijiy oliy oʻquv yurtlari va filiallarining kirib kelishi ijobiy holat boʻldi. Bir jihatdan oliy taʼlimning qamrovi kengaysa, ikkinchidan, davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida ijobiy maʼnodagi oʻzaro raqobatni taʼminlaydi, tizimda bozor qonunlari ishlay boshlaydi. Zero uning natijasi muhim hisoblanadi, chunki har bir oliy oʻquv muassasasi sifatli kadr lar tayyorlash uchun kurashadi. Raqobat va bozor sifatsiz mahsulotlarni yoqtirmaydi. Natijada raqobatbardosh mahsulot yaratish har bir oliy taʼlim muassasasining asosiy maqsadiga aylanadi, natija kutilganidek yuqori boʻladi. Shularning oʻziyoq taʼlimdagi islohotlar chuqur oʻylangan holda olib borilayotganini anglatadi.
Tizimdagi islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri, oliy taʼlim bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqadorlik integratsiyasini vujudga keltirish boʻldi. Zero, hamkorliksiz yuqori malakali, zamon talabidagi kadrlar tayyorlash mumkin emas. Mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalarining buzilib ketishi natijasida hamkorlik aloqalari uzilib, taʼlim oʻz yoʻlida, ishlab chiqarish oʻz yoʻlida faoliyat yuritar edi. Bugungi kunda mamlakatimizda yirik va oʻrta ishlab chiqarish korxonalari qad koʻtardi, oliy taʼlim bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlik integratsiyasi yoʻlga qoʻyildi. Texnika oliy oʻquv muassasalari talabalari nafaqat yangi texnologiyalar bilan tanishish, balki ularni boshqarish amaliyotiga ega boʻlmoqda.
Sadriddin TUROBJONOV,
Toshkent davlat texnika universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor