Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov 18-sentyabrda oliy taʼlim sifatini taʼminlash Yevropa assotsiatsiyasi (ENQA) prezidenti Kristofer Grolimund bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv oʻtkazdi.
ENQA oliy taʼlim sifatini oshirish boʻyicha yirik xalqaro loyihalarni amalga oshiradi. Oliy taʼlim sifatini nazorat qilish boʻyicha 55 ta milliy agentlik, shuningdek 57 ta kuzatuvchi agentliklar assotsiatsiya aʼzolari hisoblanadi. ENQA veb-sayti Yevropada oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha bebaho axborot manbasi boʻlib xizmat qiladi. Undan tashqari assotsiatsiya muntazam ravishda taʼlim sifatini taʼminlash borasidagi oʻzgarishlarga bagʻishlangan seminarlar hisoboti, davriy maʼruzalar kabi materiallar berib boradi. Bu maʼlumotlarning barchasiga veb-saytdan bepul ega boʻlish mumkin.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonning ENQA bilan kelgusidagi hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Kristof Grolimund aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ENQAga qoʻshilishi assotsiatsiyada xursandchilik bilan qabul qilinganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga qaraganda, bu yevropalik mutaxassislarning tajriba va bilimlarini oliy taʼlim sifatini nazorat qilishga jalb qilish, shuningdek assotsiatsiyaning boshqa aʼzolari bilan tajriba almashish uchun katta imkoniyat ekan.
Undan tashqari ENQA prezidenti Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillarining ENQAga aʼzo-agentliklar tomonidan 14-mayda tashkil etilgan “2019-2020-yil taʼlimi sifati kafolatlari natijalari” mavzusidagi xalqaro onlayn muhokamada ishtiroki Oʻzbekiston bilan hamkorlikda muhim voqea ekanligini taʼkidladi.
Tadbir yakunida yaqin vaqtlarda respublika oliy taʼlim tizimida sifat taʼminoti masalasini muhokama etish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzbekiston OTMlari ishtirokida videokonferensiya tashkillashtirishga kelishib olindi.