DXXning maʼlum qilinishicha, u Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nodavlat oliy taʼlim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish uchun vazirlik tomonidan litsenziya berish masalasini qisqa muddatda ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga universitetning mansabdor shaxsidan 100 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda vazirlikning mazkur yetakchi mutaxassisi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni kundalik hayotda bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.