Institut oʻz faoliyatini Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlik oʻrnatgan holda taʼlim jarayoniga Buyuk Britaniya,  AQSH,  Belgiya,  Janubiy Koreya,  Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro professor-oʻqituvchilar keng jalb qilgan.

Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi vakillari, institutning asosiy hamkorlaridan boʻlgan “World Edupia corporation” kompaniyasining bosh menejeri Jung Yiyong, Janubiy Koreyaning “Hankyong national university”ning xalqaro hamkorlik boʻyicha direktori, professor Sul Min Sin hamda xalqaro hamkorlik boʻyicha direktor oʻrinbosari, professor Lim Senjongning Namangan shahriga tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti va Koreya Respublikasidan “Hankyong national university” hamkorlikda 2+2 va 3+1 formatida oliy taʼlimni tashkil etish va bevosita Koreyada taʼlim olish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish borasida uchrashuvlar tashkil etildi. Unda Namangan shahri va viloyatining barcha oʻrta maktab bitiruvchilari, ularning ota-onalari, ustozlari, hokimlik va xalq taʼlimi idoralari, yoshlar ittifoqining hududiy vakillari faol ishtirok etdi. Xorijlik mehmonlar va Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti vakillari oʻzlarining taqdimotlarini tarqatma materiallar hamda videomateriallar bilan boyitgan holda amalga oshirdi.

Shuningdek, yoshlarni qiziqtirgan taʼlimga oid dolzarb masalalar boʻyicha savollariga keng va atroflicha javob berildi. Mehmonlar kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahridagi Yodju texnika institutining Namangan filialiga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan hamda taʼlim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Filialda tahsil olayotgan talabalar bilan davra suhbati tashkil etilib, maslahatlar berildi. Kun soʻngida mehmonlar gullar diyori Namanganda tashkil etilayotgan “Xalqaro gullar festivali”ga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. 

Yangi Oʻzbekiston kelajak avlodlarini munosib tarbiyalashda, taʼlim sifatini yuqori darajaga olib chiqishda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda “World Edupia corporation” kompaniyasi hamda Janubiy Koreyaning “Hankyong national university” bilan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.