Oliy taʼlimda “oʻqishga kiritib qoʻyish” degan oʻta salbiy illatga toʻliq barham berildi. Yoshlarga oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati oshirildi.
Professor-oʻqituvchilarning oyligi salmoqli darajada oshib, oliygoh muallimi boʻlish koʻpchilikning orzusiga aylandi.
Keyingi paytlarda aniq va tabiiy fanlarga koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Yaqinda “ToshTech”, Bauman universiteti filiali, Olmaliq davlat texnika institutini ochish boʻyicha qarorlar imzolandi. Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qoʻyildi. Qolgan hududlarda ham uning filiallari boʻladi.
Mamlakatimizda yerosti boyliklarining ulkan zaxirasi mavjud. Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5-3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qaʼrini burgʻulab, juda katta gaz zaxirasi topildi.
Yangi industrial davr – “toʻrtinchi sanoat inqilobi”ni amalga oshirish uchun dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra koʻpaymoqda. Tahlillarga koʻra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga toʻgʻri keladi.
«Ushbu ulkan resurslarni yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak», – dedi Prezident.