Oliy taʼlimda professional standartlar va kasblar optimallashtiriladi

    Videokonferensiya koʻrinishida tashkil etilgan tadbirda taʼlim standartlari va oʻquv jarayonini xalqaro talablar asosida takomillashtirish va iqtisodiy tarmoqlar uchun kasblarni optimallashtirish orqali oliy maʼlumot talab qiladigan yangi kasblarni kiritish boʻyicha bajarilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 16-iyun kuni oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari masʼullari ishtirokida “Oliy taʼlim sohasidagi islohotlar: professional standartlar, kasblarni optimallashtirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

    Videokonferensiya koʻrinishida tashkil etilgan tadbirda taʼlim standartlari va oʻquv jarayonini xalqaro talablar asosida takomillashtirish va iqtisodiy tarmoqlar uchun kasblarni optimallashtirish orqali oliy maʼlumot talab qiladigan yangi kasblarni kiritish boʻyicha bajarilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

    Tadbir avvalida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev oliy taʼlim tizimida mutaxassislar tayyorlashda meʼyoriy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirishdagi muammolar va yechimlarga toʻxtalib oʻtdi.

    — Oʻtgan yili hukumat qarori bilan ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasining Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi, 37 ta tarmoq kengashi tuzildi va ular tomonidan oʻzlariga biriktirilgan tarmoqlar boʻyicha kvalifikatsiya ramkalari ishlab chiqildi. Bugungi kunda ushbu tarmoq kvalifikatsiya ramkalari doirasida 1200 dan ortiq kasb standartlari ishlab chiqildi, — dedi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Milliy malakalar ramkasida professional taʼlim 3-, 4-, 5-daraja, oliy taʼlim esa 6- (bakalavr) va 7- (magistr) daraja etib belgilangan hamda ilmiy daraja 8-pogʻonada berilgan.

    Endi ushbu jarayon oliy taʼlim tizimi uchun uzluksiz davom ettirilishi boʻyicha hamkorlikda ishlashimiz lozim. Davlatimiz rahbari tomonidan qisqa muddatlarda oliy taʼlimni ham inobatga oladigan kasb standartlarini ishlab chiqish va mavjudlarini takomillashtirish vazifasi belgilangan.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov OTMlarning akademik mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish hamda oʻquv jarayonini xalqaro talablar asosida takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhiddinov esa iqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy maʼlumot talab qilinadigan kasblarni optimallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi.

    Tadbir davomida inspeksiya va vazirliklarning masʼul xodimlari tomonidan taʼlim standartlari va oʻquv jarayonini xalqaro tajribalar boʻyicha taqdimotlar oʻtib berildi va kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar boʻyicha fikr almashildi.

    Ushbu yoʻnalishda yangi oʻquv yiliga qadar hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni tizimlashtirish maqsadida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, tarmoq kengashlari ish faoliyatini jadallashtirish uchun muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhni tashkil etish hamda 29 ta tarmoq kengashi rahbarlari ishtirokida onlayn muloqot tashkil qilib, vazifalarini belgilab olishga kelishildi, deb xabar bermoqda inspeksiya axborot xizmati.