Jumladan, vazir talabalar oshxonasidagi sharoitlar bilan tanishib, talabalarga taʼlim-tarbiya berish bilan bir qatorda, ularning oʻzini-oʻzi rivojlantirishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan fikr almashdi.
Kunning birinchi yarmida vazir 50 nafar yoshi 50 undan yuqori yoshdagi professor-oʻqituvchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Abduqodir Toshqulov professor-oʻqituvchilardan talabalarga nisbatan qatʼiyat, shu bilan birga ustozlarcha mehr bilan munosabatda boʻlish, ular bilan samimiy muloqot qilish, yoshlarni tinglashni, talabalarga oʻz imkoniyatlarini namoyon qilishda yordam berishni soʻradi. Oʻz navbatida vazir sohadagi fidoyi pedagoglar mehnatini munosib ragʻbatlantirish va ularning zahmatli mehnati eʼtirof etilishini taʼminlashda barcha resurslar ishga solinishini taʼkidladi.
Abduqodir Toshqulovning 35 yoshgacha boʻlgan 35 nafar yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvi qizgʻin bahs-munozaraga boy boʻldi. Yosh olimlar tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishdagi muammolar, xususan, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishdagi qiyinchiliklar toʻgʻrisidagi fikrlar ochiq bayon qilindi.
— Dunyoning koʻplab davlatlarida maʼruza va ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish yuzasidan xizmat safariga borgan boʻlsak, kuzatishimizcha, ayrim postsovet davlatlari oliy taʼlim tizimida korrupsiya muammosi saqlanib qolgan. Bu boʻyicha oxirgi yillarda koʻp ishlar amalga oshirildi, lekin tizimda korrupsiya butkul yoʻqoldi deb ayta olmaymiz, — dedi Abduqodir Toshqulov. — Shunday ekan, OTMda bu baloga qarshi murosasizlik muhitini kuchaytirishimiz, bunda sizga oʻxshagan yosh olimlar va talabalar, butun jamoa birgalikda ishlashi kerak.
Yosh olimlar bilan uchrashuv soʻngida vazir tomonidan oʻz dissertatsiyalarini muddatidan oldin himoya qilgan 2 nafar doktorantga 87,6 mln. soʻm va 43,8 mln. soʻm miqdoridagi stipendiya sertifikatlari taqdim etildi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan oliy taʼlim tizimi oldiga katta vazifalar qoʻyildi va sohada oʻzgarish qilish qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oliy taʼlimda oʻzgarish boʻladi, buning uchun bor kuch va resurslarni ishga solamiz, — deya qayd etdi vazir. — Faqat bu oʻzgarishlarni kimlar bilan qilamiz, albatta, sizga oʻxshagan bilimli va kuchga toʻlgan yosh olimlar bilan.