Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriligida 2020-yili qancha murojaat koʻrib chiqilgan?

    Ta'lim 14 Yanvar 2021 17880

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tizimli ravishda nazoratga olingan boʻlib, murojaatlar bilan ishlash, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha doimiy ravishda muhokamalar oʻtkazilmoqda.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 12 683 ta murojaat kelib tushgan. Shundan:

    ➖ 259 ta ogʻzaki (2,0 %),

    ➖ 2 882 ta yozma (22,7%),

    ➖ 9 542 ta elektron (75,3 %) murojaat.

    Vazirlikka 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning 233 tasi ijobiy hal qilingan. 7 122 ta murojaat egasiga huquqiy maʼlumot berilgan, 4 534 tasi hududiy idoralarga, 406 tasi esa taalluqliligi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan.

    Oʻtgan yili vazirlikka kelib tushgan 13 ta murojaat rad etilgan.

    Hududlar kesimiga koʻra, murojaatlarning asosiy qismi Toshkent shahri (16,7%), Qashqadaryo (12,4%), Toshkent (8,9%), Surxondaryo (8,7%), Samarqand (8,5%), Fargʻona (7,1%) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

    Vazirlikka yuborilgan murojaatlarning 40,1% (5 085 ta) oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash masalasi, 24,6% (3 125 ta) oʻqishga qabul qilish va qabul jarayonlari masalasi, 5,0% (631 ta) diplom va mutaxassislik masalasi 4,3% (542 ta) kontrakt toʻlovi masalasi, 4,1% (516 ta) oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga oid masala, 2,6% (336 ta) ish masalasi, 2,6% (331 ta) oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga oid masala va 16,7 %ni (2 117 ta) boshqa masalalar tashkil etadi.

    Vazirlik rahbariyati tomonidan 2020-yil davomida tasdiqlangan jadval asosida Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, viloyatlarida sayyor qabullar oʻtkazilib, ularda 41 ta murojaat koʻrib chiqilgan.

    OTMlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan 29 nafar masʼul xodimga intizomiy chora koʻrilgan.