Oliy va professional taʼlim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik qanday kechmoqda?

    2024/2025-oʻquv yili uchun abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi.

    Abituriyentlarni roʻyxatga olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining sayti (my.uzbmb.uz) orqali onlayn tarzda amalga oshirildi.

    Joriy yilda jami 894 279 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ularning 410 415 nafarini (46 foiz) joriy yil bitiruvchilari, 483 864 nafarini (54 foiz) esa avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar tashkil etdi. Roʻyxatdan oʻtish talablarini toʻliq bajargan 805 688 nafar abituriyentga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi (2023-yilda – 948 ming 486 nafar).

    Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abituriyentlarning 422 400 nafarini xotin-qizlar (52,4 foiz), 383 288 nafarini erkaklar (47,6 foiz), tashkil etadi.

    Joriy yilda 489 118 nafar (60,7 foiz) abituriyent test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan toʻlovdan ozod etilgan.

    Joriy yilda doimiy yashash hududi boʻyicha eng koʻp Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Fargʻona viloyatida 79 808 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

    Abituriyentlarning 46 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlariga, 12 851 nafari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan.

    Roʻyxatdan oʻtishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan boʻlib, ulardan 20 063 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi.

    Bundan tashqari 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

    Joriy yilda test sinovlarini sifatli tashkil etish va oʻtkazish uchun binolar optimallashtirilib, hozirda 73 ta yopiq turdagi katta sigʻimli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176 ta guruhda, 35 280 nafar, bir kunda esa 70 560 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi va test sinovlarining 12 kun davomida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

    Test sinovlarini adolatli va shaffof oʻtkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov oʻtkazish orqali 2 690 nafar guruh nazoratchisi tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni boʻlgan abituriyentlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etiladi.

    Test sinovlarida foydalaniladigan 15 ta (tillar kesimida 29 ta) umumtaʼlim fanidan 40 mingdan ortiq yangi test topshirigʻi shakllantirildi va ekspertizadan oʻtkazildi.

    Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi (“Koll markaz”) doimiy xizmat koʻrsatmoqda.

    Qabul jarayoniga oid mavzulashtirilgan videoroliklar (oʻzbek va rus tillarida surdotarjima bilan) tayyorlanib, eʼlon qilib borilmoqda.