O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zaro munosabatlar shunday yuqori darajaga ko‘tarilishida Davlatlarimiz Rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli aloqalar muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy va tez o‘zgaruvchan vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarurligi, buning uchun, uchinchi davlatlardan import o‘rnini bosish va to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish lozimligi bildirildi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, energetika, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘nggida, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21 yig‘ilishi bayoni imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Qozog‘istonga tashrifi doirasida Olma-ota shahridagi jamoat transportini boshqarish markazi va boshqa obyektlar faoliyati bilan ham tanishildi.