Yurtimizda aholi, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga faol jalb etish, iqtidorli sportchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda yashovchi yoshlar, jumladan, uyushmagan yoshlarni ham sport bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi va Olmaliq shahar hokimligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi boʻyicha Olmaliq shahrida mahalliy aholi va hokimlik mehnat jamoasi ishtirokida qator ommaviy sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Xususan, musobaqa qatnashchilari jamoaviy tarzda umumjismoniy mashqlar jarayonida ishtirok etishdi va shundan soʻng, shaxmat va shashka boʻyicha musobaqa tashkillashtirildi. Ushbu musobaqada barcha: yoshlar va keksalar birdek faollik koʻrsatishdi.

Eʼtiborli tomoni, musobaqalarda shahar hokimi Qobil Hamdamov ham ishtirokchilar safida qatnashib, mahalliy yoshlar bilan doska ustida dona surdi. Bu esa ishtirokchilarga oʻzgacha shijoat baxsh etdi.

Musobaqalar yakunida gʻolib va sovrindorlar shuningdek, alohida faol boʻlgan ishtirokchilar shahar hokimi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati