Ushbu tashrif kombinat vakillaridan iborat delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga safari davomida amalga oshirilgan boʻlib, Huawei kompaniyasining taklifiga asosan, zamonaviy ishlanmalar, togʻ-kon sanoatida raqamli texnologiyalarni joriy etish va yangi yechimlar bilan tanishildi, deb xabar beradi “Olmaliq KMK” AJ matbuot xizmati.
Kombinat mutaxassislari kompaniya bosh ofisi, ishlab chiqarish zavodi va tadqiqotlar markazi, hamkor kompaniyasiga tashrif davomida togʻ-kon ishlarini raqamlashtirish, texnologik jarayonlarni rejalashtirish va nazorat qilish imkonini beruvchi dispetcherlik xizmatini tashkil etish, sunʼiy intellektdan foydalangan holda ochiq konlarda yuk tashish ishlarini avtonomlashtirish, yer osti konlarida simsiz maʼlumotlar uzatish, video-analitika, optik tolali kabel orqali nazorat va boshqa yechimlar bilan tanishdi.
Kompaniyaning togʻ-kon sanoati yoʻnalishi boʻyicha kompaniya vitse-prezidenti bilan hamkorlik masalalari boʻyicha kelishib olindi.
“Kompaniya faoliyati bilan tanishuv jarayonida eʼtiborimizni tortgan eng muhim jihati, hozirda kompaniyada tadqiqot va ishlanmalar (R&D) yoʻnalishida 110 000 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritayotganligi boʻlib, yiliga umumiy tushumning 25,1% yaʼni 23,16 milliard dollari R&D ga yoʻnaltirilar ekan, deydi – Abdulla Azizov. — Bu nima degani? Koʻchiradigan davr oʻtdi, eng rivojlangan kompaniyalarga yetib oldik, endi birinchilik tomon harakat degani. Shunday tadqiqot markazlari bizda ham boʻlishi zarur. Qoʻrqmasdan Xitoy tajribasini olishimiz kerak. Hozir yangilik yaratish ortidan yugurmay, mavjud yangilikni tatbiq etish, bir qancha pogʻonalarni sakrab oʻtish, infrastruktura shakllanib oyoqqa turgandan keyin kuchni yangilik yaratishga tashlash kerak”.