Maʼlumot uchun reniy metalli kukuni Mis eritish zavodining nodir metallar ishlab chiqarish sexida tayyorlanadigan perrenat ammoniydan olinadi. Jarayon vodorod tiklash usuli bilan amalga oshiriladi.

Reniy metallini sof holda olish ishlari boʻyicha laboratoriya sinovlari 2016-yilda boshlangan edi. Sinov ishlari bu yil oʻz yakuniga yetdi. Natija kutilganidan ham aʼlo boʻldi. Sinov jarayonlari natijasida 99,9% sof holda reniy metalli olinishiga erishildi.

Kombinatda kelgusida ushbu mahsulot sanoat masshtabida ishlab chiqarilishi koʻzda tutilmoqda, deya xabar beradi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati axborot xizmati.

Ushbu metall Mendeleyev davriy jadvalida 75-oʻrinni egallab, oʻziga xos noyob fizik-kimyoviy xossalariga koʻra koʻplab sohalarda qoʻllaniladi.

Jumladan, neftni qayta ishlash sanoatida katalizator tayyorlashda asosiy komponent hisoblanadi. Aviasozlik, elektrotexnika sohalarida detallar uchun asosiy element sifatida foydalaniladi.

Yadro sanoatida esa ushbu metalldan termoparalar tayyorlashda foydalanilmoqda. Bu reaktorda yuqori haroratni oʻlchash imkonini beradi.

Shuningdek, tibbiyotda turli ogʻir xastaliklarni davolashda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlaridagi maxsus uskunalarni tayyorlashda qoʻllaniladi.

Zargarlikda esa reniydan qimmatbaho buyumlarni bezash uchun qoplama sifatida foydalaniladi.

Jahon bozorida 1 gr reniyning oʻrtacha narxi 9 dollar atrofida turadi.