Olmaliqda “Suyurlitepa yodgorligi” faoliyat yurita boshladi

    Madaniyat 18 May 2023 1125

    Bugun “Metallurg” madaniyat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Milliy Arxeologiya markazi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamkorligida tayyorlangan “Suyurlitepa yodgorligi” koʻrgazmasining ochilishi tadbiri oʻtkazildi.

    Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, Olmaliq shahar va Ohangaron shahar hokimliklari masʼullari, oliy oʻquv yurtlari talabalari, kombinat yoshlari ishtirok etdi.

    Tadbirda ushbu koʻrgazma Ohangaron vohasi hamda Olmaliq shahri hududining boy tarixini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etildi.

    Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori ilmiy tadqiqot ishining ilmiy rahbari Ahmadali Asqarovning koʻrgazmaning tashkil etilishida koʻrsatgan faol ishtiroki yuqori baholandi.

    — Biz OKMK homiyligida 2022-yilda Ohangaron tumani Suyurlitepa yodgorligida arxeologik qazishma ishlarini olib bordik, — deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarixi instituti doktoranti Ubaydulla Ismoilov. — Qazishmalari davomida topilgan topilmalardan iborat koʻrgazma ham tayyorladik. Ushbu koʻrgazma eksponatlari qatoridan 350ta turli xil arxeologik topilmalar oʻrin olgan. Ushbu topilmalar ichida taxminan 2000-yildan oldingi davrga oid buyumlardan tortib, XII-XIII asrkfhga oid buyumlar ham oʻrin olgan. Koʻrgazmada 1 200-yillik davrni qamrab olgan tarixiy buyumlar mavjud.

    Shunday qilib, 2023-yil 18-mayda “Suyurlitepa yodgorligi” koʻrgazmasi rasman oʻz faoliyatini boshladi.

    Botirxon Munavarov,

    Ohangaron shahar hokimining

    jamoat ishlari boʻyicha maslahatchisi.