Toshkent viloyati Olmaliq shahri I.Karimov MFY hududida bunyod etilayotgan 9 qavatli turar-joy binosi qurilishida qoidabuzarliklar va sifatsiz bajarilgan ishlar aniqlangani ma'lum bo'ldi. Bu haqida Olmaliq shahar hokimligi  axborot xizmati xabar bermoqda. Unga ko'ra,

  • ushbu turar-joy binosini qurishda SHNQ 2.01.03-19 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” me'yor talablari buzilgan holda kotlovan tayyorgarligi to'g'risida geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi bo'yicha laboratoriya xulosalari to'liq rasmiylashtirilmagan;
  • obyektning barcha qavatlarini ko'tarishda SHNQ 2.01.03-19 “Zilzilaviy xududlarda qurilish” me'yor talablari buzilgan holda monolit-beton kontruksiyalarning mustahkamligi bo'yicha laboratoriya sinovlarining xulosalari olinmagan;
  • obyektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan.

Xavfsizlik lentalari tortilmay opalubka montaj ishlari bajarilgan. Shuningdek, opalubka montaj ishlarida loyihadan chetga chiqish holatlari kuzatilgan;

  • obyekt qurilishining loyiha va qurilish me'yorlari talablariga muvofiq amalga oshirilganligi yuzasidan ijro sxemalar, ishlatilgan qurilish materiallarining sifatini tasdiqlovchi pasport va sertifikatlar, yopiq ishlar dalolatnomalari SHNQ 3.01.01-03 talablarida belgilangan ijro hujjatlari to'liq rasmiylashtirilmagan.

Bugungi kunda qurilish montaj ishlari vaqtincha to'xtatilgan.

Yuqorida ko'rsatib o'tilgan qoidabuzarliklarni loyiha va qurilish me'yorlari talablari asosida bartaraf etilishi yuzasidan texnik nazoratchi hamda pudratchi mas'ullariga tegishli ko'rsatmalar berilgan.

Pudrat tashkiloti rahbari O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 99-moddasiga asosan jarimaga tortilgan.