Qayd etilishicha, SSV Sanitariya-eridemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda “Toshkent viloyati suv taʼminoti” AJ Olmaliq shahar suv taʼminoti korxonasi xodimlari hamkorligida tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlardan kimyoviy tahlil namunalari olingan.
Shuningdek, aholidan ichimlik suvi sifati boʻyicha maʼlumot olinganda, ularda eʼtiroz hamda ichimlik suvi sababli sogʻligʻida shikoyat yoʻqligi aytilgan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi Olmaliq shahar boʻlimi tomonidan 20-sentyabrda “Buxoro” maktabidan olingan 4 ta ichimlik suvi namunalari xulosasiga koʻra, ichimlik suvi belgilangan meʼyor talablariga javob beradi.
Hozirda holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi, bolalar ombudsmani, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan qoʻshimcha tekshiruv olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani maktab oʻquvchilarining sogʻligʻi ijobiy ekanini, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilganini bildirgan.
Eslatib oʻtamiz, Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktab oʻquvchilari sogʻligʻidan shikoyat qilib, 15-sentyabr kunidan 19-sentyabr kuniga qadar 12 nafar oʻquvchi oʻtkir ichak kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar boʻlimiga murojaat qilgan.