Olmaota shahridagi yongʻinda vafot etgan yurtdoshlarimiz jasadlari olib kelinadi

    Dolzarb 1 Dekabr 2023 1284

    Joriy yilning 30-noyabr kuni tongida Qozogʻistonning Olmaota shahri Adi Sharipov koʻchasida joylashgan Almaty Hostelda yongʻin yuz bergani haqida maʼlum qilgan edik.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, asosan talabalardan iborat 72 kishi yashagan 457 kv.m. maydonga ega xostel yer toʻlasi koridoridan boshlangan yongʻin oqibatida 13 kishi halok boʻlgan.

    Halok boʻlganlarning 2 nafari, yaʼni 2000-yilda tugʻilgan N.A. va 2000-yilda tugʻilgan S.K. Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi.

    Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    “Hozirgi vaqtda mazkur holat mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan hamda vafot etgan yurtdoshlarimizning jasadlarini Oʻzbekistonga qaytarish choralari koʻrilmoqda”, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabarida.