Olmazor tuman prokuraturasi tergovchisi pora bilan ushlandi

    Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaviy holatlarni aniqlashga qaratilgan tezkor reyd tadbirlari oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahrida gul yetishtirish bilan shugʻullanuvchi MCHJning muqaddam prokuratura organlarida ishlagan va sudlangan yuristi savdo-sotiq sohasiga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat mansabdor xodimlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 184 va 189-moddalari bilan qoʻzgʻatilib, Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan “qamoqqa olish“ tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllamaslik masalasini mazkur tumanprokuraturasi mansabdor shaxslari orqali hal qilib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 20 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

    Tezkor tadbir davom ettirilib, masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristining avtomashinasida Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi undan ushbu pul mablagʻini pora sifatida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilanushlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

    Hozirda prokuratura tergovchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a“ bandi bilan, masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristiga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 212-moddasi 3-qismi “b“ bandi bilanjinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.