Taʼkidlanganidek, aholining turmush farovonligini oshirish, jamiyatning har bir aʼzosining oʻz yurtida hayotdan rozi boʻlib, baxtli yashashini taʼminlash insonparvar va demokratik jamiyat qurishni maqsad qilgan davlatning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Xalqning farovon turmushini taʼminlashning asosiy omili aholini munosib turar joy va ish joylari bilan taʼminlashdir. Ayniqsa, koʻp yillardan beri aholining uy-joyga ehtiyojini qondirish masalasi juda muhim masala boʻlib kelmoqda. Bu borada Uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda “Xalqparvar” komissiyasi faoliyati tashkil etilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida keltirish joizki, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzuridagi “Xalqparvar” komissiyasining asosiy vazifalari mahalliy hokimliklar hamda masʼul davlat idoralarning uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ajratishi, qurilish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishi, subsidiya toʻlanadigan fuqarolarni tanlab olishi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar roʻyxatini shakllantirish faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishdan iborat.
Albatta, jamoatchilik eʼtiborini bu masalaga qaratishda OAVning alohida oʻrni bor. Shu bois, komissiya tarkibiga kiritilgan jurnalistlar bu borada olib borilayotgan ishlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritishi maqsadga muvofiq.
Seminarda YAXalqparvar” komissiyasi faoliyati, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qilinadigan ishlar muhokama etilib, zarur taklif va tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.