Olmazor va Yunusobodning ayrim mahallalari 5 kun elektr taʼminotidan vaqtincha uziladi

    Energetika 18 Aprel 2025 1066

    Shu yilning 18–22-aprel kunlari Toshkent shahri Olmazor va Yunusobod tumanlarida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari modernizatsiya qilinadi.

    Qayd etilishicha, L-DOK-1 va L-DOK-2 yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida eskirgan havo tarmoqlari zamonaviy kabel infratuzilmasiga almashtiriladi.

    Taʼmirlash ishlari mavjud kommunikatsiya va elektr tarmoqlarining jismoniy va maʼnaviy eskirgani sababli zarur boʻlmoqda. Mutaxassislar tavsiyasiga koʻra, bu jarayon aynan bahor fasliga — issiq ob-havo va yuqori yuklama davridan avvalgi davrga rejalashtirildi. Bu uzilishlar aholi tomonidan nisbatan yengilroq qabul qilinishiga imkon beradi, — deyiladi xabarda.

    Ishlarning sifati, xavfsizligi va tezkorligini taʼminlash, shuningdek yoz mavsumida favqulodda uzilishlarning oldini olish maqsadida quyidagi kuch va vositalar safarbar etiladi:

    • — maxsus texnika — 39 ta
    • — texnika — 20 ta
    • — brigadalar — 6 ta
    • — xodimlar — 132 nafar
    • — 21 672 metr elektr kabeli yangisiga almashtiriladi
    Olmazor tumanining “Ahil”, “Elparvar”, “Ibrohim ota”, “Gulzor”, “Qorasaroy”, “Oltinsoy”, “Moyariq”, “Miskin”. Shuningdek, mazkur hududlardagi ulgurji va xususiy isteʼmolchi obyektlar ham vaqtinchalik elektr taʼminotidan uziladi.
    Yunusobod tumanining esa “Astraobod”, “Turkiston”, “Ming chinor”, “Nurmakon”, “Sobirobod”, “Hamkorobod”, “Katta Hasanboy”, “Sharq haqiqati”, “Registon”, “Yoʻlariq”, “Uch qahramon” mahallalari vaqtincha elektrdan uziladi.
    Elektr taʼminotidagi uzilishlar har kuni soat 08:00 dan 18:00 gacha, yaʼni tarmoqdagi eng past yuklama vaqtlarida amalga oshiriladi.

    Poliklinika, maktab, bogʻcha kabi ijtimoiy soha muassasalari koʻchma dizel generatorlari orqali barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.