Qarorga muvofiq, tumandagi yashash sharoiti ogʻir boʻlgan oilalarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Olot tumani hokimligining boʻsh turgan yotoqxona binosi 60 ta (34 ta – 2 xonali, 26 ta – 1 xonali) xonadonga moʻljallangan turar joyga moslashtirib rekonstruksiya qilinadi.

Tumanda joriy yilda 1 700 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan dasturga koʻra, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida jami 155 ta loyihaning amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Jumladan, tumanda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish boʻyicha 71 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va bu orqali 1 342 ta yangi ish oʻrinlarining yaratilishi belgilangan. 

Tumandagi 276 nafar ishsizlar tikuvchilik, qishloq xoʻjaligi mashina va jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlarda kasb-hunarga oʻqitiladi.

Qaror bilan shuningdek, tumanda kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tasdiqlandi.