Buxoro viloyati Olot tumanidagi «Dvoynik» “Ikki daha” («Dvoynik») suv tozalash inshootida Buxoro viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan brifing, shuningdek, press-tur oʻtkazildi. Mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Bu haqda Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

2010-2016-yillarda viloyat aholisining toza suv bilan taʼminlanganlik darajasi 48,8 foizdan iborat boʻlgan. Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro viloyati aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan yirik loyihalar tufayli ayni kunga kelib qariyb 2 millionlik voha aholisining 70 foizi markazlashgan toza ichimlik suvidan bahramand boʻlmoqda. Yaʼni soʻnggi besh yil davomida bu sohada 20 foiz oʻsishga erishildi. Bu albatta oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq.

Jumladan, ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash borasida 5 ta yirik loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib, bugungi kunda ularning 3 tasi nihoyasiga yetkazildi. Natijada Buxoro shahri hamda Buxoro, Romitan, Vobkent, Gʻijduvon, Peshku tumanlari markazlarida 412 ming aholi ichimlik suv taʼminoti va sifati yaxshilandi.

Shuningdek, Jahon bankining qiymati 139,0 mln dollar boʻlgan krediti asosida Qorakoʻl va Olot tumanlarining 230 ming aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi joriy yilning 3-choragida toʻliq foydalanishga topshiriladi.

Qorakoʻl va Olot tumanlarini asosiy suv manbasi hisoblanadigan “Ikki daha” («Dvoynik») suv tozalash inshooti esa 1975-yilda qurilgan boʻlib, sutkasiga 12 ming metr kub suvni tozalash quvvatiga ega boʻlgan. Biroq qurilganidan buyon modernizatsiya qilinmaganligi sababli maʼnan eskirgan.

Inshootdan aholiga boradigan suv sifati isteʼmolga yaroqsiz holga kelib qolgandi. Hozirgi kunda u Oʻrta Osiyo davlatlarida analogi yoʻq inshoot hisoblanadi. Uning kunlik ichimlik suvi yetkazib berish quvvati 50 ming kub metrga oshirildi.

Obod qishloq» va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 96,04 mlrd soʻm mablagʻ evaziga 295 km ichimlik suvi va oqava tarmoqlarini hamda 11 ta suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 39,9 mlrd.soʻm mablagʻ evaziga 142,7 km suv tarmoqlari va 7 ta suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, avvalgi yillarda ichimlik suvi tarmoqlari faqatgina aholi yashash punktlarigacha keltirilgan. Joriy yildan esa ichimlik suvi tarmoqlari aholi xonadonlarigacha tortilib, suv oʻlchagichlar oʻrnatish ishlari ham amalga oshirilmoqda.