Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor oʼrganishlarga asoslanib, bayonot berdi. 

"Shu yil 21 oktyabr kuni soat 11:45 lar atrofida Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir guruh tarbiyalanuvchilarida tana harorati koʼtarilishi oqibatida Povulgʼon oilaviy shifokor punktiga murojaat boʼlgan.

Surishtiruv davomida maʼlum boʼlishicha, mazkur bogʼchada bir kun avval "Hosiljon-mehrjon" bayrami oʼtkazilib, tadbir doirasida tashkil etilgan koʼrgazmali stol dasturxoni qator qishloq xoʼjaligi mahsulotlari, jumladan, uzum, xurmo, olma, banan, tarvuz hamda turli qandolatlar bilan bezatilgan. Bolajonlar esa ushbu yeguliklardan tartibsiz ravishda isteʼmol qilgan", deyiladi xabarda.

21 oktyabrь kuni oilaviy shifokor punktiga boʼlgan murojaat asosida 8 nafar bemor tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʼlimiga yotqizilgan. Dastlabki tekshiruvlar natijasiga koʼra, ularda ovqatdan zaharlanish belgilari kuzatilmagan.

Hozir ushbu bolajonlarning umumiy holati qoniqarli. Tegishli simtomatik davo muolajalaridan soʼng kichkintoylardan 5 nafariga uyga javob berilgan.

Shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan bogʼcha tarbiyalanuvchilaridan olingan tibbiy tahlil namunalari laboratoriyaga yuborilgan. Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.