Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi kabi yangi modda va normalar mustahkamlangan yangilangan Konstitutsiyamiz joriy yil 1-maydan kuchga kirdi. Bosh qonunimiz bilan bogʻliq bu islohotlar yurtimizning har jihatdan taraqqiy etishiga, jumladan, jurnalistikamiz, milliy media sohasi rivojlanishiga ham huquqiy asos yaratadi.

Mamlakatimizda matbuot va soʻz erkinligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Jurnalistlarda ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazib kelinayotgan tanlovlar koʻp. “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni ular ichida eng nufuzli va eʼtiborlisi, desak yanglishmaymiz. Shu oʻrinda uning faoliyati tarixiga bir nazar tashlab oʻtish joiz.

Mazkur tanlov 2006-yili Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan taʼsis etilgan. “Oltin qalam” I xalqaro tanlovida yuz nafardan koʻproq jurnalist qatnashgan. Oʻsha yili uch asosiy nominatsiya — televideniye, radio va bosma nashrlar boʻyicha (har bir asosiy nominatsiya boʻyicha hozirgidek uch emas, bir nafardan gʻolib boʻlgan) oʻtkazilgan tanlovda “Oʻzbekiston” teleradiokanali “Yuksalish” studiyasi katta muharriri Norqobil Jalilov (“Yaxshilik” koʻrsatuvlar turkumi uchun), “Oʻzbekiston” teleradiokanali boʻlim mudiri Sharofiddin Toʻlaganov (xalqaro mavzudagi eshittirishlar turkumi uchun), “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi siyosiy sharhlovchisi Ibrohim Normatov (dolzarb mavzudagi tahliliy maqolalar turkumi uchun) “Oltin qalam”ning ilk gʻoliblariga aylangan. Tanlovning oʻnta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyasi boʻyicha esa Abdumutal Abdullayev, Chori Latipov, Hamid Qahramonov, Ildar Mudarisov, Gʻulom Mirzayev, Sanʼat Mahmudova, Hakimjon Rahmonov, Mahmudjon Eshonqulov, Ahmad Al Zubaydi hamda “TV Markaz” jamoasi mukofotlangan.

Bosh milliy mukofot 2007-yil joriy etilgan va asosiy nominatsiyalar qatoriga internet-jurnalistika yoʻnalishi ham qoʻshilgan. Har bir yoʻnalish boʻyicha 1, 2 va 3-oʻrinlar joriy etilgan. Tanlov yillar davomida takomillashib bordi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, taklif va tavsiyalar asosida uning nizomiga oʻzgartirishlar kiritildi. 2021-yildan boshlab esa “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” ragʻbatlantiruvchi nominatsiyasi asosiy mukofotlar qatoriga qoʻshilgan.

“Oltin qalam” tashkil etilgan dastlabki yillarda uning gʻolib va sovrindorlariga beriladigan mukofot — pul va sovgʻalar homiylar hisobidan qoplangan boʻlsa, 2009-yildan 2018-yilgacha tanlovni Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi moliyalashtirgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori tanlovni moliyalashtirish bilan bogʻliq muammolarni ham bartaraf etish imkonini berdi.

Respublikamiz ommaviy axborot vositalari hamda ularda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar uchun yanada keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratgan Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2023-yildan boshlab tanlov ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga koʻpaytirildi. Bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. Keyingi yillarda 1-oʻrin sohiblariga Oʻzbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 160, 2-oʻringa 140, 3-oʻringa 120 barobari miqdorida pul mukofoti berilgan boʻlsa, joriy yildan 1-oʻringa 200, 2-oʻringa 175, 3-oʻringa 150 barobari miqdorida pul mukofoti ajratiladigan boʻldi. Shuningdek, ragʻbatlantiruvchi nominatsiya gʻoliblariga beriladigan pul miqdori bazaviy hisoblashning 50 barobaridan 100 barobariga oshirildi.

2022-yili tanlov mukofot jamgʻarmasi 769 million 500 ming soʻm etib belgilangan boʻlsa, joriy yilda qariyb 1,5 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Joriy yildan tanlovning yangi nizom asosida yangicha formatda oʻtkazilayotgani unga boʻlgan qiziqishni yanada oshirib yubordi.

Bu yil tanlovimizda ayni kungacha 526 nafar jurnalist, jumladan, 28 ta OAV jamoasi ishtirok etmoqda. Ijodiy ishlar 2023-yil 13-may 15:00 gacha qabul qilinishini nazarda tutsak, tanlov ishtirokchilari soni rekordi yangilanishi oydinlashadi.

Taʼkidlash joiz, shu paytgacha “Oltin qalam”da publitsistik janrda kitob yozgan jurnalistlar, tele va radio boshlovchilar ishtirok etmagan. Endilikda tanlovga “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Xalq eʼtirofiga sazovor boʻlgan tele va radio boshlovchi” kabi yangi nominatsiyalar kiritilishi jurnalistikaning barcha yoʻnalishida ijod qilayotgan OAV vakillarini qamrab olishga imkon beradi.

Tanlov nizomi taklif va tavsiyalar asosida butunlay yangidan ishlab chiqilgan. Unda hakamlar hayʼati aʼzolari gʻoliblarni aniqlashda ishtirokchilar materiallarini qancha odam oʻqigani, eshitgani va tomosha qilgani hamda ijodiy ishlarga aholi vakillari, soha yetakchilari va mutaxassislar qanday munosabat bildirganiga ham alohida eʼtibor qaratishi belgilangan. Shuningdek, ijodiy ishlari tanlovga taqdim etilmagan OAV vakillarining jamoatchilik eʼtiboriga tushgan, qizgʻin muhokamalar va alohida eʼtirofga sazovor boʻlgan materiallari ham koʻrib chiqilishi mumkin. Tanlov nizomidagi “Mukofot bir shaxs va bir jamoaga takroran berilmaydi” soʻzlari olib tashlandi.

Yana bir yangilik: bu yil “Oltin qalam” tanlovi gʻoliblariga beriladigan statuetka ham yangilandi. Sink materialidan ishlangan statuetkalarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tayyorlangan.

Taqdirlash marosimi bu yil “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tashkil etilmoqda.

Joriy yilda ham “Oltin qalam”ning oʻtkazilishi haqida mahalliy OAV, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi hamda “Dunyo” axborot agentligi veb-sayti va telegram kanali, Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari orqali chet davlatlardagi OAVda oʻzbek, rus, ingliz, nemis, xitoy, fransuz, ispan, arab, tojik, qozoq va boshqa tillarda ham targʻibot materiallari eʼlon qilindi. Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar natijasida “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi boʻyicha ishtirok etuvchi xorijlik jurnalistlar safi koʻpayib boryapti.

Chet ellik jurnalistlarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, madaniyat, turizm va boshqa sohalarni yoritishga intilish kuchli boʻlgani uchun ularning mamlakatimiz haqidagi ijodiy ishlari soni yildan-yilga ortmoqda.

“Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 25 davlatdan 50 dan ziyod jurnalist qatnashayotgani, ular orasida Yevropa va Osiyo qitʼasidan shu soha vakillari borligi ham buni tasdiqlaydi.

Tanlovning har bir nominatsiyasi gʻolibligi uchun raqobat katta, munosiblar koʻp, ammo oʻrinlar cheklangan. Lekin “Oltin qalam”da ishtirok etayotgan har bir jurnalist yoki ijodiy jamoa gʻoliblikdan umid qiladi. 
Shu maʼnoda, ijtimoiy tarmoqlarda “gʻoliblikka u munosib, bu loyiq” tarzida fikr-mulohazalar berilayotgani ham tabiiy hol. Yaʼni bunday jarayon doim boʻlib kelgan. Shu oʻrinda tegishli izoh bildirib oʻtish oʻrinli.

Jurnalist taniqli, isteʼdodli, qalami oʻtkir boʻlishi mumkin. Lekin bu uning ayni yil “Oltin qalam”da gʻolib yoki sovrindor boʻlishi shartligini anglatmaydi. Yaʼni u bir necha yillar avval oʻz ijodiy ishlarini matbuot orqali eʼlon qilgan va eʼtirof etilib, nom qozongan boʻlishi mumkin. Bundan barchamiz mamnun, albatta. Umuman, har bir jurnalistning sermahsul ijod qilgan yillari boʻladi. Ayni paytda “Oltin qalam” nizomiga koʻra, tanlovda ishtirokchi jurnalistning faqat 2022-yil 31-martidan 2023-yil 31-martigacha (soʻnggi bir yil oraligʻida) OAVda eʼlon qilingan materiallari koʻrib chiqiladi.

Ayni kunlarda “Oltin qalam-2023” tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlarini soha boʻyicha katta tajriba va bilimga ega, adolatli ustozlardan tarkib topgan nufuzli hakamlar hayʼati aʼzolari koʻrib chiqmoqda. Zero, bu boradagi barcha saʼy-harakatlar mazkur tanlov xolis, shaffof va haqqoniy oʻtishi taʼminlanishiga qaratilgan.

         

Xolmurod SALIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy 
qoʻmitasi raisi